Samarqand viloyat yuridik texnikumi w w w . s a m h u q u q k o l l e j . u z

 

YURIDIK KOLLEJ ISLOHOTLARI

Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bir qator kollejlar yuridik kollejlarga aylantirildi.

Yuridik kollejlarning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va axborot-resurslari jihatdan ko‘maklashish Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish hamda tashkiliy-kadrlar bazasini mustahkamlash esa – hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik kollejlarni zarur o‘quv va sport uskunalari, kompyuter texnikasi va axborot-resurs fondlari bilan jihozlash xarajatlari ta'limga ajratiladigan byudjet mablag‘lari, shuningdek Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yuridik kollejlariga qabul qilish har bir hududning «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-son qarori ijrosini ta'minlash hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida talab yuqori bo‘lgan tor doiradagi va ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yaratish, shuningdek, kasbiy yuridik ta'lim sifatini oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish choralari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 oktyabrdagi 858-son qarori qabul qilindi. Qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom”, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlarining namunaviy tuzilmasi” va “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘quv yuklamasi hajmi” tasdiqlandi.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining talab yuqori bo‘lgan tor doiradagi va ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha tizimli fikrlash qobiliyati, ish yuritish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashning amaliy ko‘nikmalariga ega bo‘lgan va xorijiy tillarni biladigan kasb-hunar ta'limi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash yuridik kollejlarning asosiy vazifalari biri etib belgilandi.

Adliya vazirligi qoshida har bir hududi va Toshkent shahrida
jami 14 ta Yuridik kollejlari tashkil qilindi. Yuridik kollejlarida Davlat xizmatlari bo‘yicha yurist, Kadrlar masalalari bo‘yicha yurist, Agrar sektori sohasi bo‘yicha yurist, Shartnoma masalalari bo‘yicha yurist, Norariat bo‘yicha yurist, Advokatura bo‘yicha yurist, Ishlab chiqarishni amalga oshirish bo‘yicha yurist mutaxassislik bo‘yicha kadrlarni tayyorlashi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, yuridik kollejlarga ularning xodimlari uchun belgilangan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorda ustamalar berish tartibi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan qabul kvotalari doirasida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kam ta'minlangan oilalardan abituriyentlar, Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ko‘zi ojiz abituriyentlar qabul kvotalaridan tashqari Adliya vazirligi tomonidan maxsus ajratilgan o‘rinlarga qabul qilinadi. Ushbu o‘quvchilarning o‘qishi qonun hujjatlariga muvofiq davlat grantlari asosida amalga oshiriladi. Yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish Adliya vazirligi tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish tanlov natijalariga ko‘ra ko‘p balli yoxud tegishli an'anaviy besh balli tizim asosida amalga oshiriladi. Yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlar yozma imtihon shaklida
1 iyuldan 10 iyulgacha bo‘lgan muddatda «Huquqshunoslik» va «Ona tili va adabiyoti» (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Abituriyentlarning yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 1 iyundan 20 iyungacha  qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev imzolagan qarorga asosan 2020/2021 o‘quv yilida Adliya vazirligiga tegishli bo‘lgan Yuridik kollej talabalari imtihonsiz Yuridik universitetga qabul qilinadi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Adliya vazirligining yuridik kollejlari bitiruvchilari hududiy adliya organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetiga kirishlari mumkin, bunda bakalavrlarni tayyorlash maxsus 3 yillik dasturi bo‘yicha o‘qitish bilan va ta'limni yakunlagach, taqsimotga muvofiq 3 yil davomida uzluksiz ishlab berish to‘g‘risidagi majburiyatni olgan holda, kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbatlashuv orqali qabul amalga oshiriladi. Adliya vazirligi tuzilmasiga kirmaydigan kollejlar bitiruvchilari bunday imtiyozga ega bo‘lmaydilar.

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash joizki, sud-huquq yo‘nalishidagi islohotlar natijasida salohiyatli yuridik kadrlarni shakllanishi va milliy hamda xalqaro mehnat bozorida yuridik kadrlarga talab oshishi va ish o‘rinlari bilan ta'minlanishiga olib keladi.

O.Toshniyozov
Samarqand viloyat yuridik kolleji
direktorining
o‘quv ishlari bo‘yicha
birinchi o‘rinbosari 


Дата добавления: 18/05/2019 12:49;   Просмотров: 1346
 
Материал манзили: http://samsl.uz/oz/news/yuridik-kollej-islohotlari
Чоп этилган вақт: 27/01/2025 09:46
Фойдали сайтлар
Матнни эшитиш учун ушбу тугмани босинг