Samarqand viloyat yuridik texnikumi w w w . s a m h u q u q k o l l e j . u z

 

Reyting

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida kredit-modulь tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 10 iyundagi 359-son qaroriga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda yuridik texnikumlarning reytingini yuritish mexanizmini joriy etish orqali ularda ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlari (keyingi o‘rinlarda — yuridik texnikumlar) reytingini aniqlash bo‘yicha ma’lumotlar bazasini tashkil qilish, reyting indikatorlari uchun ballarni hisoblash hamda reyting natijalarini e’lon qilish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

adliya organlari tomonidan yuridik texnikumlar bitiruvchilariga yo‘llanma berish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyatini tashkil qilish, oliy ta’lim tashkilotiga hujjatlarni topshirish, o‘qishga qabul qilish uchun suhbat o‘tkazish hamda qabulni rasmiylashtirish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari bitiruvchilarini «yurisprudensiya» mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Belgilansinki, yuridik texnikumlarning, shu jumladan, quyidagi yo‘nalishlardagi faoliyatini qamrab oluvchi reytingi natijalari har yangi o‘quv yiliga qabul boshlangunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda ularning rasmiy veb-saytlari orqali e’lon qilinadi:

o‘quv va ilmiy-metodik faoliyat, shu jumladan, ta’lim sifati;

reyting aniqlangan yilda nufuzli xalqaro va respublika fan olimpiadalari, sport musobaqalari va boshqa tanlovlarda g‘olib bo‘lgan (sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan) yuridik texnikum o‘quvchilari ulushi;

xorijiy pedagoglar, shuningdek, ilmiy darajali hamda chet tili va fanlarni bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan asosiy shtatdagi pedagoglar va o‘quvchilar ulushi;

ish bilan ta’minlangan bitiruvchilari va oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan o‘quvchilari ulushi.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda — TDYuU) huzuridagi akademik litseyga (keyingi o‘rinlarda — akademik litsey) o‘qishga qabul qilish har yili 1 avgustga qadar Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi, bunda test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

akademik litseyga dars mashg‘ulotlarini, xususan, onlayn rejimda o‘tkazish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi hamda ularga ish haqi miqdori TDYuU tomonidan mustaqil belgilanadi;

akademik litseyda va yuridik texnikumlarda pedagog xodimlar tarkibida qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan lavozimlar bilan birgalikda kafedra mudiri, professor, dotsent lavozimlari ham joriy etiladi hamda ularning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari akademik litseyda TDYuU tomonidan, yuridik texnikumlarda esa Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi;

TDYuU tomonidan tashkil etiladigan yoki muassis sifatida ishtirok etiladigan tijorat va notijorat tashkilotlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash hamda ularning ustav jamg‘armasi va mulkini shakllantirish uchun TDYuU Kengashi tomonidan belgilangan miqdorda byudjetdan tashqari (shu jumladan, to‘lov-kontrakt va tabaqalashtirilgan kontrakt) mablag‘larni sarflashga ruxsat beriladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

TDYuU bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli hamda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabulni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirish. Bunda, test sinovlari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining buyurtmalariga ko‘ra TDYuU magistraturasida bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun kirish sinovlarisiz magistraturaga qabul parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish huquqini berish. Bunda, ushbu kadrlarga o‘qishini tamomlaganidan so‘ng buyurtma bergan oliy ta’lim tashkilotlarida shartnoma asosida uch yil davomida to‘liq stavkada uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
  2. a) ikki oy muddatda:

akademik litsey va yuridik texnikumlarda mazkur qaror bilan joriy etilayotgan lavozimlarning razryadlari (bazaviy tarif stavkalari, maoshlari) hamda koeffitsientlari miqdorlari belgilanishini ta’minlasin;

Davlat test markazi bilan birgalikda akademik litseyga qabul qilish uchun test sinovlarini o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

  1. b) bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2021 yil 22 noyabrь,

705-son

Батафсил...

 


Последнее редактирование: 19/04/2022 14:55;   Просмотров: 730
 
Материал манзили: http://samsl.uz/oz/documents/reyting
Чоп этилган вақт: 25/01/2025 05:59
Фойдали сайтлар
Матнни эшитиш учун ушбу тугмани босинг