Samarqand viloyat yuridik texnikumi w w w . s a m h u q u q k o l l e j . u z

 

Betakror va buyuk shaxsiyat

Картинки по запросу "Хумаюн"

Zahiriddin Muhammad Bobur deganda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek adabiyotining Alisher Navoiyning keyingi buyuk namoyondasi gavdalanadi. Zero, mashhur muarrix Mirzo Haydar ta'biri bilan aytganda: ”Turkiy she'rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas”. Darhaqiqat, Bobur ijodi mumtoz so‘z san'atimizda Navoiydan keyingi alohida bosqichni tashkil etadi. U adabiyotni hayotga, adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirdi. Bobur o‘z asarlarining mavzuini asosan hayotdan oldi. Shoir merosining hayratlanarli darajada hayotiyligi, ko‘ngilga yaqinligi, tuyg‘ularining tabiiy va  samimiyligidandir. Bobur asosan ko‘rgan-bilgan,  qalbidan o‘tkazgan, o‘zini to‘lqinlantirgan narsalar, kechinmalar haqida yozadi. Bobur sohibdevon shoir bo‘lsada, uning devoni bizgacha mukammal holda yetib kelmagan. Hozirgacha shoirning 119 g‘azal, 1masnaviy she'ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit'alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibidan umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan.

 Bundan tashqari, Bobur o‘g‘illari  Humoyun va Komron Mirzolarga atab, shariat aqidalariga bag‘ishlangan “Mubayyin” asarini,aruz nazariyasiga oid “Mufassal” kitobini yaratadi. Xoja Ahror Valiyning “Volidiya” risolasini she'riy tarjima qiladi. Arab alifbosini isloh qilib, yozuvni soddalashtirish  va osonlashtirish,  uni turkiy til va talaffuz mezonlariga  moslashtirish maqsadida “Xatti Boburiy”ni ixtiro etgan.

Boburning buyukligi, donoligi, vatanparvarligi haqida gapirmoqchi bo‘lsak,uning qomusiy asari “Boburnoma”ga to‘xtalishimiz lozim. ”Boburnoma” 36 yil davomida yozilgan bo‘lsa, afsuski, bugungi kunda uning 18 yilini aks ettiruvchi hujjatlar topilgan. ”Boburnoma” asarining asl qo‘lyozmasi eski o‘zbek tilida yozilgan. ”Boburnoma”ni tarjima qildirgan olimlar ichida  Beverij xonim asarni asl holatda arab alifbosidagi o‘zbek tilida qayta chop ettirishga muvaffaq bo‘ldi.  “Boburnoma” bugungi kunda uch joyda saqlanayapti: Haydaroboddagi “Salar jangi” muzeyida, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti kutubxonasida hamda Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida.

Boburning “Boburnoma” tarixiy- memuar asari shoirga olamshumul shuhrat keltirdi. Unda  XV asr oxiri-XVI asr boshlarida Movarounnahr,  Xuroson va Hindistonda kechgan voqealar, temuriylar saltanatining inqirozi, shayboniylarning hokimiyat tepasiga kelishi sodda uslub, samimiy ruhda yozilgan. Asarda Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniy, Ubaydulloxon, Shoh Ismoil Safaviy, Ibrohim Lo‘diy kabi o‘nlab hukmdorlar, Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Behzod,  Xondamir, Mirzo Haydar singari qator adabiyot va san'at namoyondalari to‘g‘risida ma'lumot va xotiralar keltirilgan. Qomusiy xarakterdagi bu asarda ,shuningdek, Movarounnahr, Avg‘oniston va Hindiston mamlakatlari tarixi ,madaniyati, tabiati, hayvonot va o‘simlik dunyosi, shahar va qishloqlari, buerlarda yashaydigan xalqlarning turmush tarzi, urf- odat, an'analari, diniy e'tiqod va marosimlari, turli ijtimoiy tabaqalar, harbiy san'at va jang qurollari  o‘zining urush-yurishlari, turli fanlarga oid ko‘pdan –ko‘p ma'lumotlar o‘rin olgan.

Bobur hayotning ko‘ziga tik qaraydi, taqdir zarbalaridan dovdirab qolmaydi, har qanday sharoitda kurashish uchun o‘zida kuch topadi. Qismatning shafqatsiz qo‘li uni tug‘ilgan yurtidan badarg‘a qilganida  tabiatidagi tug‘ma shijoat va iroda tufayli u begona yurtlarda jon  saqlab qoldigina emas, balki 332 yil hukm surgan buyuk boburiylar saltanatiga asos soldi.

Javoharla'l Neru ham: ”Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san'atni, adabiyotni, go‘zallikni sevar edi... Bobur ham fasohatli va orif kishilar sirasiga mansub edi”,-deb ta'riflagan edi.               

Bobur bag‘ri keng, mehri daryo inson bo‘lgan: o‘ziga yomonlik qilganlarning ham gunohlaridan o‘tib, qo‘lidan kelgancha ularga yaxshilik qilgan.

Shuning uchun ham taniqli adib Xayriddin Sulton: ”Bobur –insonlar ichida eng rostgo‘yidir, deb aytsak ham xato bo‘lmas,-deb aytgan edi”.

                                                                                                                 

 

Samarqand viloyat yuridik texnikumi

monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i

Mamanazarova Gulbahor


Дата добавления: 12/02/2021 11:11;   Просмотров: 789
 
Материал манзили: http://samsl.uz/oz/news/betakror-va-buyuk-shaxsiyat
Чоп этилган вақт: 28/01/2025 00:21
Фойдали сайтлар
Матнни эшитиш учун ушбу тугмани босинг